Ustoz haqida sheʼrlar bolalar uchun: Bolajonlarga ustoz haqida oson o‘rganishga qisqa sheʼrlar to‘plami
Aziz muallim
Ulug‘ ilm ildizi sizda mujassam,
Turli xil sohadan berasiz ta’lim.
Uni tinglaganda kichik jussam ham,
Yetuk inson kabi o‘sgay, muallim.
Qalbingizda doim ilm porlaydi,
Go‘yo u nur kabi bizni chorlaydi.
Siz mening tundagi yorug‘ yulduzim,
Nurli kunduzimsiz, aziz muallim.
Oddiy muallimda, oddiy muallim
Lekin bu hayot nish-sanchiqlardan,
Qoqilsa ko‘targan qo‘ltiqlaridan,
Otadek ezilgan g‘ussaga botsa,
Boladek quvongan yutuqlaridan,
Uyquda shogirdin o‘ylab yotgan kim?
Oddiy muallimda, oddiy muallim.
Ulfat ko‘p-u ammo bir do‘sti hamroh —
Halim topolmadim undan halimroq.
Qancha ustoz ko‘rdim, qancha oliygoh,
Olim topolmadim undan olimroq.
Bola yuragimda bebaho tilsim —
Oddiy muallimda, oddiy muallim.
Ustoz — baxtim kulgan aziz muallim
Kecha eding oddiy muallim,
Bugun barcha e’zoz sengadir.
Ulug‘vorim, aziz muallim,
Sen e’zozim — onam kasbisan.
Kelajagim mening rizqimsan,
Kasbim mening — buyuk muallim!
Yurtning boshi sulton deyilgay,
Bugun senga uning nigohi.
Taxtdan turib e’zoz aylagay,
Baxti kulgan aziz muallim!
Kelajakning bunyodkorisan,
Toliyi baland aziz muallim!
Ustozlarim, sizlarga rahmat
(Muallif: Qodir Qahhor)
Bolalikdan bilim bergansiz,
Borimizga qilgansiz toqat.
Yiqilganda qo‘ldan tutgansiz,
Ustozlarim, sizlarga rahmat.
Qo‘lga qalam tutib qo‘ydingiz,
Siz tufayli yozdim husnixat.
Gar ranjitsam, kulib qo‘ydingiz,
Ustozlarim, sizlarga rahmat.
Maqtadingiz o‘g‘lim, qizim deb,
Biz qadringiz bilmadik faqat.
Qaytgim kelar o‘sha davrga,
Ustozlarim, sizlarga rahmat.
Jon kuydirib “o‘qi” derdingiz,
“Foyda bermas uyqu” derdingiz.
Kerak bo‘lsa jonni berdingiz,
Ustozlarim, sizlarga rahmat.
Asli ustoz otangday ulug‘,
Aytolmadim sizlarga rahmat.
Hech bo‘lmasa she’rimda aytay:
Ustozlarim, sizlarga rahmat!
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan barcha ustozlarni chin dildan tabriklaymiz!
Ustozim
(Muallif: Abdumutalib Ergashaliyev)
Olib qalam-qog‘ozni,
O‘rgatib bilim, so‘zni,
Dunyoni tanitdingiz,
Mehribonim, ustozim.
Qaydan bo‘lardim shoir,
Ilmim bir sizga doir.
To‘g‘ri, ba’zida koyib,
Turardingiz, ustozim.
Ko‘ngli daryo, bir olam,
Onam kabi parvonam.
“Bolam”, derdingiz, “bolam”,
Onajonim, ustozim.
Javob sizsiz, savol men,
Bog‘bonimsiz, nihol men.
Siz-la topdim kamol men,
Jonajonim, ustozim.
Bugun qo‘limda sozim,
Yangrar jo‘shqin ovozim.
Ravnaqim siz tufayli,
Sharaf-shonim, ustozim!
Xayr, bog‘cham! (Bog‘cha ustozlari uchun)
Yetti yoshga to‘ldim men,
Rosa o‘ynab-kuldim men.
Endi navbat o‘qishga,
“Alifbe” o‘rganishga.
Xayr, sevimli bog‘cham,
Xayr, o‘yinchoqlarim.
Ertaklarni o‘rgatgan,
Uxlasak alla aytgan,
Xayr bog‘cha opajon,
Sog‘ bo‘lingiz har qachon.
Biz bilan qo‘shiq kuylab,
Biz bilan she’r yod olgan.
Xayr, musiqa ustoz,
Sog‘inamiz sizni rost.

Ustozlar, omon bo‘ling!
Xalqimizda bugun bayram,
Jonajon ustozlar kuni.
Har bir ilm olgan odam,
Qadrlaydi ustozini.
Ey ustozlar, bor bo‘ling,
Doimo kulib yuring.
Biz yoshlarning baxtiga,
Doimo omon bo‘ling.
Hammon yodda saqlanar,
Birinchi sinf darsliklar.
Alifboni ochib berib,
Ustoz bergan saboqlar.
Sizsiz hayot hayotmi?
Barchangizdir jonajon.
Nima deb atay — muallimmi,
Yoki ustoz, domlajon?