Ona – hayotimiz charog‘boni va umrimiz fayzi
Dunyoga kelganimizdan boshlab, bizga mehri bilan qanot bo‘ladigan, har qanday qiyinchilikda yelka tutadigan eng aziz inson bu — Ona. Onalarimizning cheksiz mehri va fidoyiligi haqida qancha yozsak, qancha kuylasak shuncha oz.
Ona
Savollar dilimni o‘rtaydi takror,
Hayot tashvishi deb yugurdim bedor.
Beroldimmi sizga mehr, e’tibor,
Siz uchun yaxshilik qildimmi, ona?
Tanish-u notanish odamlar uchun,
Chiroyli so‘zladim, yuzlarim gulgun.
O, mushtipar onam, lekin siz uchun
Hasratlar xaltasin ildimmi, ona?
Goh hayot kuldirdi betashvish, shodon,
Gohida ayamay yig‘latdi chunon.
Yuragi og‘riydi demay, men nodon,
Ming dod, bag‘ringizni tildimmi, ona?
Bol totib tamshandim, dard totdim taxir,
O‘rgandim, yashashning mezoni — sabr.
Umr o‘tib borar, men-chi, men axir
Bilmayman, qadringiz bildimmi, ona?
Muallif: Dilobar O‘rolova
Ona
Savollar dilimni o‘rtaydi takror,
Hayot tashvishi deb yugurdim bedor.
Beroldimmi sizga mehr, e’tibor,
Siz uchun yaxshilik qildimmi, ona?
Tanish-u notanish odamlar uchun,
Chiroyli so‘zladim, yuzlarim gulgun.
O, mushtipar onam, lekin siz uchun
Hasratlar xaltasin ildimmi, ona?
Goh hayot kuldirdi betashvish, shodon,
Gohida ayamay yig‘latdi chunon.
Yuragi og‘riydi demay, men nodon,
Ming dod, bag‘ringizni tildimmi, ona?
Bol totib tamshandim, dard totdim taxir,
O‘rgandim, yashashning mezoni — sabr.
Umr o‘tib borar, men-chi, men axir
Bilmayman, qadringiz bildimmi, ona?
Muallif: Dilobar O‘rolova
Jannatga maktub…
Salom, onajonim — nurli farishtam,
Ko‘zlari nigorim, ayrilmas rishtam.
Diydor istagida yurakda sitam,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
Bugun yuragimni sog‘inchga o‘rab,
Ming zorli dard bilan to‘kilib-nurab.
Qiblamga yiqildim iltijo so‘rab,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
Bilaman, yoshlarim ko‘rib turibsiz,
Jannatning to‘ridan qarab turibsiz.
Egilgan boshimni silab turibsiz,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
Ozgina yig‘ladim, ko‘p emas, ona,
Ranjimang, men o‘sha yig‘loqi yana.
Goh kulib, goh o‘ksib yuribman mana,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
Kerakmas bo‘larkan sizsiz dunyo ham,
Oshimga sherikdir ko‘ksimdagi g‘am.
Dunyo bir kam emas, endi men kam,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
Faqat orzularim yetim o‘zimdek,
Sizga nima qildim qobil farzanddek?
Yuragim oqmoqda ikki ko‘zimdek,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
O‘zimdan ortmagan kunlarim essiz,
Bolam deb poylagan yo‘llaring essiz.
Dunyo dunyo emas, volidam, sizsiz,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
Bir keling, onajon, poyingiz o‘pay,
Maylida bir onga dunyodan kechay.
Sovugan bag‘rimda taftingiz quchay,
Sog‘indim, onajon, yomon sog‘indim.
Ona, sizga vaqt topolmadim
Men ulg‘ayib, siz esa so‘lib,
Yuribman shon-shuhratga to‘lib.
Eh, o‘zimcha sal katta bo‘lib,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Yarim tunda, ko‘zingizda yosh,
Yo‘l kutasiz, kosa to‘la osh.
Men bir nokas, men bir bag‘ritosh,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Yashayapsiz damni ko‘rmay ep,
Yetmishda ham mening g‘amim yeb.
Men-chi, yorim, bolam, chaqam deb,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Kabob terib tillo ko‘ramga,
Qo‘ylar so‘yib xon-u to‘ramga.
Dasturxonlar yozdim jo‘ramga,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Turfa o‘ydan boshlab nahorim,
Shundoq o‘tar qish-u bahorim.
Oyda bir bor, jannat iforim,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Omon bo‘lsam baxt deb bilasiz,
Kulib-kulib bag‘ir tilasiz.
G‘oyibona duo qilasiz,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Tizzangizga qo‘yib boshimni,
To‘yib to‘kay, artmang yoshimni.
Eritayin yurak toshimni,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Hammadanam shirin so‘zligim,
Mehr jo‘shib turar ko‘zligim.
Unutgancha bugun o‘zligim,
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Bahonalar qilib muammo,
Qoshingizda bo‘ldim kamnamo.
Vaqt topdim har yumushga, ammo
Ona, sizga vaqt topolmadim.
Muallif: Odilbek Qodirov
Eh onam-a, mehribon onam…
Eh onam-a, mehribon onam,
Sizni bugun sog‘indim biram.
Mehr izlab erka qizingiz,
Qarang, yana ko‘zlarida nam.
Eh onam-a, jannatim onam,
So‘zlari bol, tengsiz yagonam.
Sizsizlikda og‘rindi ko‘nglim,
Qarang, yana ko‘zlarimda nam.
Eh onam-a, sirdoshim onam,
Yuragimni qiynar bir alam.
Diydoringiz qo‘msab men bugun,
Qarang, yana ko‘zlarimda nam.
Eh onam-a, dardkashim onam,
Yurak-bag‘rim kuyib ketdi-ku.
Samolarni tutib har nolam,
Qarang, yana ko‘zlarimda nam.
Eh onam-a, mehribon onam,
Edingiz-ku, axir, bir donam.
Yolg‘izlikda to‘lib paymonam,
Qarang, yana ko‘zlarimda nam.
Muallif: Farishta
Onajonim
Ko‘ksingizni bolish qilib,
O‘zim yostiq bo‘lolmadim.
Boringizni oldim, ammo
Sizga borim berolmadim.
Tunlaringiz o‘g‘irlab lek,
Kunduzim hech tutolmadim.
Ming g‘amimni chektirib ham,
Hasratingiz yutolmadim.
Dardi bisyor dardmand bo‘lsam,
Sizdan o‘zga qon yutmadi.
Kimni jon deb jon og‘ritdim,
Ming joni bir jon tutmadi.
Bag‘ri bir puch yong‘oq kabi,
Bo‘shab xoli qolsam keldim.
Faqatgina nochor-u zor,
Bemadordek bo‘lsam keldim.
Tashvish-u g‘am, anduhlarim
Uchradi duoingizga.
Dunyolardan tonib kelsam,
Yetib ortar dunyoingiz.
Men onamni ko‘rib kelaman
Borib baxtga to‘lib kelaman,
Baxtlilardan bo‘lib kelaman.
Dunyo, mendan biroz nari tur,
Men onamni ko‘rib kelaman.
Yo‘llarimga mushtoqdir ko‘zi,
Duolardan tushmaydi so‘zi.
Nega buncha kuttirdim o‘zi?
Men onamni ko‘rib kelaman.
Yo‘llar tovon tilguvchi nishmi?
Muzmi yurak, ichida qishmi?
Telefonda hol so‘rash ishmi?
Men onamni ko‘rib kelaman.
Aytolmagan g‘amlarin olib,
Gul ko‘ngliga halovat solib,
Istagancha yonida qolib,
Men onamni ko‘rib kelaman.
Davo bo‘lib sog‘inch dardiga,
Jabr qo‘shmay ortiq jabriga,
Qoyil deya uning sabriga,
Men onamni ko‘rib kelaman.
Oh, dunyoni unutib ongga,
Kuch bo‘lsin deb charchagan jonga,
Olib o‘g‘il-qizimni yonga,
Men onamni ko‘rib kelaman.
Quchog‘iga kiray deb yana,
Ketmoqqa shay turibman mana.
Bormay afsus qilganlar ana,
Men onamni ko‘rib kelaman.
Onam deya yayrasin zabon,
Qadamlarim shoshib u tomon.
Neni kutib turibman hamon?
Men onamni ko‘rib kelaman.
Muallif: Zohid Ziyo