Muhammad Yusuf xalqimiz sevgan shoirlardan edi. U 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga keldi.
Muhammad Yusuf
Qadri bilinadi menga endi goh,
Olis maktabimning o’sha behasham…
Navoiy-ku bizga ustozdir, biroq
Kimdir o’qitgan-ku Navoiyni ham.
Shunday buyuk zodga harf o’rgatgan kim?…
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Tuproqdek xokisor, bezovta jonlar,
Ammo qanotida tog’dek ulug’vor,
Ammo Temurdayin Sohibqironlar
Pirim deb , etagin o’pgan bor.
Qaysar jahongirga yo’l ko’rsatgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Yo’qdan Beruniylar binolar qilgan,
Mashrabni mashhuri dunyolar qilgan,
Husaynni – Ibn Sinolar qilgan,
Iloh so’z o’rgatgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Lekin bu hayot nish-sanchiqlardan,
Qoqilsa ko’targan qo’ltiqlaridan,
Otadek ezilgan g’usaga botsa,
Boladek quvongan yutuqlaridan,
Uyquda shogirdin o’ylab yotgan kim?…
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Ulfat ko’p-u ammo bir do’sti hamroh —
Halim topolmadim undan halimroq.
Qancha ustoz ko’rdim, qancha oliygoh,
Olim topolmadim undan olimroq.
Bola yuragimda bеbaho tilsim —
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.
Yuzga kiraman mеn Xudo xohlasa —
Yuz yildan keyin bir mo’min o’rtog’im
Ko’zim yopib qo’ysa, jag’im bog’lasa,
So’nggi safar sari otlangan chog’im,
Faqat bir kimsadan bo’ladi qarzim,
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!

«Dunyolarni quchdi o’zbek degan nom!»
Muhammad Yusuf she’ri.
Bir to’kilib tag’in qomat tikladik,
Yelkalarga millat yukin yukladik.
Ozod vujudlarda ruh bo’ldi bino,
Binolar o’rnida davlat tikladik.
Qay kun tildan uchdi qadrdon
kalom —
Dunyolarni quchdi o’zbek
degan nom!
Boshni ne toshlarga urdi bu diyor,
Necha vayron bo’ldi, qurdi
bu diyor.
Tojmahal me’mori, Nilning mirobi,
Amir Temurlarning yurti bu diyor.
Bizni yo’qlaganga bizdan
ham salom,
Dunyolarni quchdi o’zbek
degan nom.
«Amir Temur» Muhammad Yusuf she’ri.
Samarqandda qoldi Bibixon,
Yo’llar qarab toldi Bibixon.
O’zbek seni o’zbek qilguncha,
Qirq yil otdan tushmadi sulton.
Maqtov-manzil malomatlarga,
Shohni riyo yetaklar jarga.
Qayrilmadi xushomadlarga,
Yolg’onlarga uchmadi sulton.
Garchi imo qilsa-qilmayin,
O’ttiz o’lka jilovda tayin.
Bir qultum ham manmanlik mayin,
Tatimadi, ichmadi sulton
ONAMGA
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Har baloni ko‘rib yorug‘ dunyoda,
Toshkanni ko‘rmagan bechora onam,
Bolang bo‘lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o‘g‘il bo‘ldimmi!..
Garchi bisotingda «bayram» so‘zi yo‘q,
Bilaman, kutasan sandal to‘la cho‘g‘,
Menda yurak deganlarin o‘zi yo‘q:
Men sovg‘a bermagan qiz yo‘q bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo‘qlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi havas…
Axir, mening dardim She’r emas faqat,
Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o‘g‘ilmanmi, ayt?..
Sha’ningga she’r bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz cho‘kib, qo‘lingni o‘psin.
Undan ham ulug‘im borligin ko‘rsin,
Men uchun ham aziz holingni so‘rsin,
Sensiz g‘arib ko‘nglim ko‘ngilmi, onam,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam
✍️ Muhammad Yusuf Sheʼri📚
baxtli bo’lamiz xudo xohlasa
Maylida kimgadir yoqsa- yoqmasa,
Ularga qo’shilib yig’lasharmidik ?
Biz baxtli bo’lamiz xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa uchrasharmidik ?!
Rayhon hidlaringni yo’llarimga sep,
Kut meni har oqshom ko’kka oy chiqqan.
Faqat yig’lamagin: aybim nima -deb,
Aybing onang seni chiroyli tuqqan.
Menga bir tabassum hadya et ,ey yor !
Nur tomsin lablaring sohillaridan.
O’zing ayt ! senday qiz yana qayda bor ?
Kipriklari uzun kokillaridan.
Iymanib yashama hayol pinjida,
Yoyil yayra jonim o’rtanma g’amda.
G’iybatlarga chida, tuxmatga chida,
Sen axir bittasan yorug’ olamda.
Men esa oshig’ing- sening eng g’arib,
Tundan so’z qarz olib tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham seni axtarib,
Seni yoningda ham seni kutguvchi.
Ista ,tiz cho’kaman hozir oldingda,
Sevdim -sevganimdan uyalmoq nechun?!
Barcha farishtalar sening qalbingda,
Ijarada turgan qizlar men uchun.
Biz baxtli bo’lamiz xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa uchrasharmidik ?!…
✍️Muhammad Yusuf
OʻZBEK HAQIDA BALLADA
Qiyosi yo’q uning mehri bir daryo,
O’xshasa o’ziga o’xshaydi O’zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O’zbek!
O’nta bo’lsa o’rni boshqa uning-chun,
O’g’lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O’zbek!
Bir qo’lda belanchak, bir qo’lda Qur’on,
Bir yelkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar bir oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O’zbek!
Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari xushro’y yuzdan oshsa ham.
Zurriyotlari bo’lsa bitta uyga jam,
To’shak yetmay to’nin to’shaydi O’zbek!
Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo’yin egmaydi zinhor.
Beshik to’la jajji Islomlari bor,
Tosh o’tmas qo’rg’onga o’xshaydi O’zbek!
Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O’xshasa o’ziga o’xshaydi O’zbek.
Yomon she’r yozsang ham, betingdan o’pib,
Kam bo’lma bolam, deb yashaydi O’zbek!
✍️ Muhammad Yusuf Sheʼri📚