Raqamlar haqida she’rlar (Bolalar uchun)
Raqamlar haqida she’rlar, raqamlar haqida sherlar bolalar uchun
«0» raqami
Shaklim mening dumaloq,
Bir o‘zim yo‘q narsaman.
Oldimda turgan sonni,
O‘n marta oshiraman.
«1» raqami
Eng oldinda turaman,
Bo‘yimga bir qarab qo‘y.
Tartib sonlar ichida
Birinchiman, bilibqo‘y.
«2» raqami
Qomatimni ko‘rganlar
Qiyos etar oqqushga.
Mendan dir-dir titraydi,
Ixlosi yo‘q o‘qishga.
«3» raqami
Bilimingni baholab,
Noiloj qoniqaman.
Qachon mendan o‘tar deb,
Ko‘z tikib toliqaman.
«4» raqami
To‘ntarilgan stolga
O‘xshab ketar bo‘y-bastim.
Ismim «yaxshi» — to‘rtta harf,
Uchdan keyinman, do‘stim.
«5» raqami
Meni derlar besh soni
—A’lochilarning joni.
Olti sonidir akam,
Uch-to‘rt sonlari ukam.
«6» raqami
Qorni semiz, dumaloq
Beshdan keyin turaman.
Juft sonlar qatorida
Uchinchisi bo‘laman.
«7» raqami
Boshga tutib soyabon,
Belbog‘cha boylaganman.
Hisob-kitobga do‘stlar,
O‘zimni shaylaganman.
«8» raqami
Ipak qurt pillasidek,
Qo‘sh halqaga o‘xshayman.
O‘zgarmas qiymatim lek,
Oyoq osmon tursam ham.
«9» raqami
Shaklim o‘xshar vergulga,
Oltiga qarindoshman.
Bir xonali sonlarga,
Shu yoshdan karvonboshman.