❓Magistraturada kontraktda o‘qiyotgan qizlar grant taqsimoti uchun ariza berib, o‘ta olmay qolsa, unda kontraktini byudjet qoplab bermaydimi?
Shu kabi savollar bilan murojaat qilishmoqda. Sababi telekanallardan birida ketgan efirda magistraturada kontraktda o‘qiydigan qizlar grant taqsimotidan o‘ta olmasa, kontraktini o‘zi to‘laydi, mazmunida lavha berilgan.
Bu haqida aniqlik kiritish uchun Oliy ta’lim vazirligi bilan bog‘landim. Ularning ma’lum qilishicha, mazkur lavhada biroz noto‘g‘ri talqin berilgan.
Demak:
➖ magistraturada kontraktda o‘qiydigan qizlar grant taqsimotida bemalol ishtirok eta oladi, bu ularning huquqi. Faqat o‘zlashtirish ko‘rsatkichi GPA 3,5 dan baland bo‘lishi kerak;
➖ agar mabodo taqsimot tanlovida grantga o‘ta olmasa, unda 15-sentyabrgacha to‘lov-kontrakt miqdorini davlat byudjetidan qoplab berish to‘g‘risida ariza berishlari mumkin bo‘ladi, bu ham ularning huquqi. Grant taqsimotidan o‘ta olmagani ularning bu huquqini bekor qilish uchun asos bo‘la olmaydi. Ya’ni davlat kontraktdagi qizlar uchun to‘lashda davom etaveradi, bu cheklanmaydi;
➖ baribir kontraktdagi qizlarga davlat to‘lab berayotgan bo‘lsa, unda grant taqsimotida qatnashish nimaga kerak o‘zi, degan savol ham tug‘ilishi mumkin. Vazirlik mas’ullarining ma’lum qilishicha, asosiy farqi — stipendiya to‘lanish yoki to‘lanmaslikda. Ya’ni taqsimot tanlovi orqali grantga o‘tgan qizlarga stipendiya ham to‘lanadi, lekin davlat byudjetidan kontrakti qoplab berilayotgan qizlarga stipendiya to‘lanmaydi.
Bor gap shu. Vahimaga yoki xavotirga o‘rin yo‘q. Talaba qizlar davlat yaratib bergan barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanishlari mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot: agar magistraturaning 1-bosqichiga davlat granti asosida qabul qilingan xotin-qizlar grant taqsimoti natijasida to‘lov-kontraktga tushib ketsa, unda ularning kontrakti ham davlat byudjetidan qoplab beriladi. Faqat buning uchun tegishli tartibda 15-sentyabrgacha ariza berish kerak bo‘ladi.
Ya’ni 1-bosqichni grantda, 2-bosqichni kontraktda o‘qiydigan xotin-qizlar uchun 2-bosqichdagi xarajati davlat byudjetidan qoplanadi.