ONAMGA O‘XSHA QIZIM
Dilxonamda bir oydin,
Olamga o‘xsha qizim.
Onamdek tushun qalbim,
Onamga o‘xsha qizim.
Qalbim farishtasisan,
Or-u nomusim yuzim.
Onam yashasin xursand,
Onamga o‘xsha qizim.
Aspa millat nomusin,
Shudir otalik darsim.
So‘zim qalbingda tursin,
Onamga o‘xsha qizim.
Eslatib turgin menga,
Onamning yorug‘ yuzin.
Nur soch yarim ko‘nglimga,
Onamga o‘xsha qizim.
Har bosgan qadamingda,
Ko‘ray onamning izin.
Gard yuqtirma qalbingga,
Onamga o‘xsha qizim.
Ahad Qayumning sara sherlar toplami
SENGA ONA BO‘LOLMAYDI ONANGDAN BOSHQA…
Garchi bugun do‘stlarim jam bo‘lgani bilan,
Baxtim butun yo omadim kulgani bilan,
Goh shodlikdan yarim ko‘nglim to‘lgani bilan,
Ruhi madadkor topmadim otamdan boshqa,
Kasbi duokor topmadim onamdan boshqa.
Umr o‘tmas g‘alvalarsiz bir tekislikda,
Kim istamas yashamoqni to‘q-to‘kislikda,
Do‘st tutinsam, g‘am yutinsam goh ming hadikda,
Bir mehri oshkor yo‘q ekan otamdan boshqa,
Menga intizor yo‘q ekan onamdan boshqa.
ONA TUPROQ
Mehrim bordir sahrolaring, har bir tosh-u har qoyangga,
Bosh egib ta’zim aylasam, har bir xas bug‘doypoyangga,
O‘zga elni teng ko‘rmasman, bir qatra nur, bir soyangga,
Ayt seni mendanam ko‘proq, kim sevar ey ona tuproq.
Bir oh ursam, bitta ohim, yetdiku yetti falakka,
Bir kun yashasa-da qarang, vatan bordir kapalakka,
Ona tuproq bir gardingni, alishmam yetmish malakka,
Ayt seni mendanam ko‘proq, kim sevar ey ona tuproq.
SIZNI SOG‘INDIM ONA
Dunyodan kechdim mana,
Yolg‘izman bugun yana,
Qo‘lim ishga bormaydi,
Sizni sog‘indim ona.
Yomon tushlar ko‘raman,
Yolg‘on tushlar ko‘raman,
Birdan sapchib turaman,
Sizni sog‘indim ona.
ONAM MENI KUTA-KUTA ZERIKKAN…
Ollohim umr ber ota-onamga,
Sabr ber gohida tushganda g‘amga,
Shundog‘am men uchun qancha dard yutdi –
Nopoklik yuqmasin deya bolamga.
Ertaga bahorning avji so‘nsa ham,
Daryolarning erka mavji so‘nsa ham,
Ostonasi oltin qasr kerakmas –
Otam omon bo‘lsin, sog‘ bo‘lsin onam.
BILDIM…
Bildim, bu kurashda hech kim yutmaydi,
Buni yo‘l yarmida tushundim ona.
O‘yinning boshidan jonimni tikdim,
Bilmam, mendan nima istarlar yana.
Hayotning ranglari ko‘rinmay qoldi,
It va otning izi qo‘shilib ketgan,
O‘z-o‘zimni izlab charchadim, toldim,
Dunyo – haqiqatning boshiga yetgan…
NEGA YIG‘LAYSIZ ONA…
Men baxtliman,
Nega yig‘laysiz ona!
Dardniyam hammaga bermaydi Xudo,
Baxtim – shu dardim-da, dardim – baxtim-da,
Butun yurt ortimdan qilyapti duo.
OTA-ONA DUOSI
Alloh yetkazsa gar kam bo‘lmagaysan,
Tuzi halol kasbu kordan qolmasang.
Yo‘qsa, butun umr g‘amda yashaysan,
Ota-onang duosini olmasang.
Har doim duo ol madad bo‘lgaydir,
Rizqing butun bo‘lib baxting kulgaydir.
Doim nimadandir ko‘ngil to‘lmaydi,
Ota-onang duosini olmasang.
manba:
Begim demang begoyim, Ahad Qayum sherlar kitobidan olindi