KELIN KELDI…
Kelin demang, uyimga bir
«Kelin» degan balo keldi.
Sepin solgan qutisiga
Qilich-qalqon sola keldi.
Qilib to‘ylar, ulashib osh,
Dedim, keldi menga sirdosh.
Shukur qildimki, uyimga
Nafis, toza havo keldi.
Kirib kelguncha uyga ul,
O‘zim sochdim poyiga gul.
Bu oddiy qiz emas, menga
Xudodan bir ato keldi.
Kulib, sizlab, sevib, alkab,
Qo‘ni-qo‘shnimga ming maqtab,
Quvonchdan sakradim, go‘yo
Uyimga podisho keldi.
To‘yiga olti oy to‘ldi,
U xush fe’lu halim bo‘ldi.
Dedim, go‘yoki qo‘limga
Nafis, ipak mato keldi.
Yil o‘tmasdan «tili chiqdi»,
Oshidan soch qili chiqdi.
«Tili chiqqan» soatdan, tinch
Kunimga intiho keldi.
Kami-ko‘stim bilib oldi,
Yoyib, «karnay» qilib chaldi,
Qo‘shilib ota-onasi,
Dutor, tanbur, sado keldi.
Tili — miltiq va har so‘zi
Shu miltiqning zahar o‘qi.
Ki tanbeh bersa qaynona,
Shu miltiqdin ota keldi.
Farishta Azroyil ham-chi,
Uningdek jon ololmaydi.
Yuragimning nishoniga
Har o‘qi bexato keldi.
O‘zin erdan qo‘yib ustun,
Ish aytsa qaytarib tutun,
O‘zining boshiga ham goh,
Liqop, choynak, kosa keldi.
Bolamning boshi ham gangib,
Yurar xayollari changib,
Deyarki, «ehtimol bu qiz
Hayotimga xato keldi».
O‘tirgan edim-a guldek,
O‘zimga xon, o‘zimga bek.
Shu bir nodoncha kasridan,
Uyimga mojaro keldi.
Boshi qorong‘u bo‘lib sal,
Uzun bo‘ldi tili battar.
Hali tug‘ilmagan buvak
Bilan ming iddao keldi:
«Uni ob kel, buni ob ket,
Bu kampirni yo‘qot, daf et»!
Ham o‘ziga, ham menga
Xudodan bir jazo keldi.
Eri bir ish buyursa-ku,
Ikki yamlab yutardi u.
Hammang pildirpis o‘lginki,
Uyimga ajdaho keldi.
Eson-omon joni tanda
Tug‘ib olsin shu arzanda.
Sabr ber deb, ajr ber deb,
Tilimga iltijo keldi.
Nabiramjon, tug‘il tezroq,
Onangni qil menga o‘rtoq.
Arazlashgan ko‘ngillarga
Bu ayni muddao keldi.
Bolam buvisi, deb meni
Aziz qilsa netong endi.
Shu dam go‘yo xayolimda
Bu orzular bajo keldi.
Axir yosh, g‘o‘ra-ku o‘zi,
Qayerdan bol bo‘lur so‘zi?
Sabr qilsang pishar bir kun,
Deya, qalbdan nido keldi.
U sakrasa, bosiq bo‘l sen,
U Toshsa qum to‘siq bo‘l sen,
Sabr ham bir ibodat, deb,
Ko‘ngildan bir sado keldi.
Uzr, Robbim, kechir, Alloh,
Shukur yaxshi, nolish — gunoh.
Tilimga qaysi go‘rdan bu
Shikoyat, diydiyo keldi?!
Mana og‘zimni dim yopdim,
Tilim go‘yo kesib otdim.
Shu kundan inshaalloh, tinch
Hayotga ibtido keldi.
Shu holda o‘lsam, ey Robbim,
Qiyomatda dema «Bu kim?»
Sening uchun tilin tiygan,
«Saqov, gung» Marhabo keldi
G‘ALATI BOG‘BON
Anorzorning egasi bir kun
Mehmon olib keldi bog‘iga.
«Shirin anor keltirgin,» deya,
Tayinladi yosh bog‘boniga.
U bir savat anor keltirib,
Mehmonlarning oldiga qo‘ydi.
So‘ng har birin pichoqcha bilan,
Olti bo‘lakdan qilib soydi.
«Subhanolloh!», dedi mehmonlar
Anorlarni qo‘liga olib,
«Bismilloh», deb totib ko‘rishgach,
Aftlari ketdi bujmayib.
Yana qayta kirgizdi boqqa
Bog‘ egasi bog‘bon yigitni.
Dedi: «Bolam, senga aytdim-ku,
Shirini dan olib chiq endi».
Yigit yana keltirdi anor,
Ammo ta’mi yana o‘shanday.
Bog‘ egasi koyidi qattiq:
«Qilyapsanmi bu ishni atay?!»
Mehmonlar o‘zaro dedilar
Bu holatni har gal ko‘rganda:
«Bu nodonga bunda nima bor?!
Noshudgina yigit ekan-da».
Uchinchi bor keltirgani ham,
Yana nordon chiqdi hammasi.
Bog‘ egasi xijolat bo‘lib,
Dedi: — Bolam, bu ish nimasi?
Anorzorga uch bor kirib ham,
Nordon anor keltirding yana.
Bog‘bon bo‘lib shirin anorlar
Qaysiligin bilmaysanmi-a?
Bog‘bon yigit dedi: — Bilmayman,
Qaysi shirin, nordoni qaysi.
Donasini totib ko‘rmasang,
Bilinmas ekan-da, mazasi.
Bog‘ egasi dedi hayratda:
— O‘zing yetishtirgan mevadan
Shundoq bog‘ning ichida turib,
Nima uchun yeb ko‘rmagansan?
— Qanday qilib yey, axir, bu bog‘,
Bu anorlar sizning haqqingiz.
Menga: «ter, yig‘», degandingiz-u,
«O‘zing ham ye» — demagandingiz.
Hayrat ichra bog‘ning egasi
«Balli!», deb yosh oldi ko‘ziga.
So‘ng shu omonatdor yigitni
Kuyov qilib oldi o‘ziga.
MATMUSANING ES-HUSHI
(E. Vohidovga nazira)
Matmusa supasida
O‘tirardi ichib choy.
O‘ynar edi oldida,
O‘g‘ilchasi Teshavoy.
Xotinini chaqirib,
Matmusavoy maqtandi:
— Qoyilmisan, shu bolam
G‘irt o‘zimga o‘xshaydi.
Qosh-u ko‘zini qara,
Yuzi xuddi to‘lin oy.
Bu husnni shu bolam,
Mendan olgan hoynahoy.
Kamtar, kamsukumlighi,
Donoligi xuddi men.
Bir oz maqtanchoqligi,
Nodonligi xuddi sen.
Chaqqonligi mendan-u,
Injiqligi seniki,
Merovligi sendan-u,
Xushyorligi meniki.
Xotini dedi: — To‘g‘ri,
Sizdan bor fazilati.
Mendan o‘tgan jamiki,
Kamchiligi illati.
Matmusa der: — Es-hushin
Mendan olib qoplagan.
Xotini dedi: — To‘g‘ri,
Yaratguvchi boplagan.
Ayniqsa, es-u hushi,
Aniq, sizdan o‘tibdi.
Chunki, mening es-hushim
O‘z joyida turibdi.
MUHABBATIM QISMATIM
Seni topgan kuni ko‘nglim osmonlarga aylandi.
Gado ruhim tojlar kiyib sultonlarga aylandi.
Hijronlaring solgan azob dostonlarga aylandi.
Yuragimni qazib topgan bahosi yo‘q davlatim.
Muhabbatim muhabbatim muhabbatim qismatim.
Yuragimga qo‘nib qo‘ysam unib chiqding gurkirab.
Tomirimda qonim bilan oqmoqdasan shildirab.
Kayga qochmay bolam kabi ergashasan chuldirab.
Yuragimni qazib topgan bahosi yo‘q davlatim.
Muhabbatim muhabbatim muhabbatim qismatim.
Sochimni oq yuragimni bahor qilgan chechagim.
Hijronida meni zor-u bemor qilgan chechagim.
Mahsharda ham Marhabo deb chorlaydigan ma’badim.
Yuragimni qazib topgan bahosi yo‘q davlatim.
Muhabbatim muhabbatim muhabbatim qismatim.
TISH
Tishim og‘rib do‘xtirga bordim,
Yemirilgan ekan ildizi.
O‘ylab ko‘rsam, shu tishlarimni
Ehtiyot qilmaganman o‘zi.
Qarsillatib bodomlar chaqib,
O‘n yilda ikki bor yamatdim.
Ellik yil ishlatdim, o‘ylasam,
Shu tishimda qolmabdi haqqim.
Do‘xtir dedi: — Sug‘urib olib,
Sun’iy bir tish qo‘yamiz endi.
Undan avval qolip olamiz,
O‘lchanadi bo‘yi-yu eni.
Bir oq rangning o‘zi necha xil
Avval rangin saralash kerak.
Undan oldin ikki yondagi
Ikki tishni aralash kerak.
Aralangan ikki tishga ham
Biron g‘ilof, qopqoq qilamiz.
O‘z tishingiz rangiga moslab
Uchchovin ham oppoq qilamiz.
Tanlang, eng arzoni yelim tish,
Eng qimmati sadafdir tiniq.
O‘shanda ham bodom chaqmaysiz,
Yo‘qsa sinib qoladi aniq.
Dedim: — Shuncha nozikmi u tish?
Yana shuncha qimmat, o‘lsin-a!
Dedi: — Bu tish hazilakam tish,
Alloh yasagani — mo‘jiza.
Chunki unga nerv kiritib,
Jonli, tirik qilolmaymiz biz.
Shuncha o‘qib, o‘rgangan bilan
Bu ish sirin bilolmaymiz biz.
Xullas, milkning tepa-pastiga
Ukol qilib sug‘urdi tishni.
Va dediki: «O‘rni bitvolsin,
Undan keyin boshlaymiz ishni».
Bir haftada o‘rni bitdi va
Yana o‘n kun qatnadim chidab.
Ikki tishni qilib yarim jon,
Bitta tishni qo‘ydi tikkalab.
Ukol, sug‘ur, charxla, qolip ol,
Xizmat haqqi yig‘ildi bari.
Bitta jonsiz tishni o‘rnatish
Bir millionga kelib to‘xtadi.
Shuncha chiqim, shuncha mashmashа,
Bir sun’iy tish qo‘ymoq vajidan.
Ey, ikki bor tish chiqargan zot,
Sen nega haq so‘ramagansan?
O‘zingga hamd, bir chaka olmay,
Aralamay, chiqarmay ohim,
O‘ttiz ikki tishni og‘zimga
Durday terib qo‘ygan, Allohim!
HUNAR
Mashhur olim yolg‘iz o‘g‘lini
Shogird qilib, kosibga berdi.
«Oxiratda har qanday odam
Kasb-koridan so‘ralar», dedi.
Unga aytdilarki: — O‘g‘lingiz
Sizday zotning zuryodi bo‘lsa,
To‘g‘ri keladimi qo‘lida
Igna, bigiz ushlab o‘tirsa?
Olim dedi: — Qolsa hunarsiz,
Nasabini minnat etadi.
Falonchining bolasiman, deb,
Narz kutadi, hadya kutadi.
Shuning uchun hunarga berdim,
O‘z kasbidan rizqlansin, ana.
Ta’ma bilan ilmni sotib,
Diynini yeb qo‘ymasin yana.
JANJAL
Xolmirza kenja qizi
Nargizani uzatdi.
Shu qizini astoydil
Ko‘z yosh to‘kib kuzatdi.
To‘yiga ham shu bugun,
Bo‘ldi rosa olti oy.
Usiz xuvillab qoldi,
Shunday katta hovli joy.
Tanbalgina qiz edi,
Ish aytsang, kerardi qosh.
U bir choy damlaguncha,
Pishar edi to‘rtta osh.
Tantiqgina bo‘lsa ham,
Shu uyning fayzi edi.
Erkalatib Xolmirza,
«Oshogoyimim», derdi.
Bir kuni u o‘tirsa,
Yelkasiga yopib to‘n.
Birdan jiringlab qoldi,
Uyidagi telefon.
Shoshib borib, go‘shakni
O‘zi oldi Xolmirza.
«Meni olib keting», deb,
Yig‘lar edi Nargiza.
«Kuyovingiz sochiqni
Kir, deb meni no‘kidi.
Gap qaytarding, deb yana,
Bikinimga turtidi».
Xolmirza dedi: — Nima?!!
Hozir yetib boraman!
Seni urgan mishqini
Kallasini yoraman!
Ne gapligin tushunib,
Chopib keldi xotini.
Xolmirza jovrar edi,
Purkab g‘azab o‘tini:
— Sen yaramas, shu qizni
Bermaylik, desam, berding.
«Zo‘r yigit, qizimizni
Baxtli qiladi», deding.
Arzimagan narsaga
Nega turtadi uni?!
Qizim qon yig‘layapti,
Baxtli qilgan shumi?!
«Alohida yasharkan»,
Deb, qiziqtirding meni.
Yigirmadan oshsa ham,
Yosh edi qizim hali.
O‘z uyida uch-to‘rt yil
Yayrab yursa bo‘lardi.
O‘sha mushtumzo‘r erga
Tegishga ulgurardi.
Yo‘q! Sen kuyov ko‘ray, deb,
Shu bolani qiynading.
O‘z uyida erkalab
Yurishiga qo‘ymading.
«Birovning xasmi ekan,
Ish qilib pishsin», deding,
So‘kding, tergading, turtding
«Qolipga tushsin», deding.
Xamir qorib, kir yuvdi
Nozik qo‘li bilan u.
Shu ishlarni o‘zing ham
Qilsang bo‘lar edi-ku!
Esizgina qizim-a!
Unga bu ne ko‘rgulik?!
Sening zug‘umlaringdan
Ezilib ketdi sho‘rlik.
Xotini dedi: — Voy-voy?!
«Ishlab ezildi», deysiz.
Biron ishni yolchitib,
Qilarmidi o‘sha qiz?!!
Ish aytsam, «qiynama!», deb,
Qo‘shilib qilardingiz.
Koyisam, «urushma!», deb,
Meni yumdalardingiz.
Noshud edi, yana ham
Kulib boqdi unga baxt.
Shuni xotin deb olgan
O‘sha kuyovga rahmat.
Yangi kelin uyida
Kir sochiq turadimi?!
«Xo‘p bo‘ladi», deb tursa,
Shu kuyov uradimi?!
Kamiga «tili»yam bor,
Gapi bor nordon, taxir.
Eri bekordan bekor
Turtmagandir axir.
Xolmirza dedi: — Sen-chi,
O‘gay ona ekansan!
Yo‘q, o‘gay ham insofli,
O‘gaydan ham battarsan.
Kamiga er mushtumzo‘r,
Qanday chidaydi bunga?!
Ketdim, ko‘ch-po‘chi bilan
Olib kelaman uyga!
Xotini dedi: — Hay-hay!
Og‘ir bo‘ling, dadasi.
Olti oyda ko‘ch-ko‘ron
Ko‘tarishingiz nimasi?!
Xolmirza dedi: — O‘chir!!!
Mashinaga chiq, zolim!
U yoqda joni og‘rib,
Qon yig‘layapti qizim.
Boray, o‘sha kuyovning
Sindiraman qo‘lini!
Keyin, bosvolib yerga,
Ishkalayman burnini.
Bikiniga turtibdi,
Qo‘ling singur, haromi!
Yana do‘xtir emish u,
Yaramas, it, bezori!
«Sen qilding!» deb yetguncha
Kuyovning ko‘chasiga,
Olti marta turtidi,
Xotinining tizzasiga.
Yetib borib, kuyovning
Eshigini qoqishdi.
Eshikni kelin-kuyov
Jilmayishib ochishdi.
Oyday kulib turardi,
Kuyovining yuzi ham.
«Darrov keldingizmi?», deb,
Qiqirlardi qizi ham.
Xolmirza edi hayron
Nima bo‘lyapti o‘zi?
Boya hiqqilab, yig‘lab,
Chaqirdi-ku shu qizi.
«Yarashdik!» deb eshikni
Yopib olishdi ular.
Xolmirza dedi: — Voy-voy!
Jinni ekan-u bular!
— Ana! — dedi xotini
Mashinaga chiqqanda.
«O‘zingizni bosvoling»,
Demabmidim o‘shanda?!
Yoshlar shu-da bir pastda
Jirkanib urishadi.
Keyin yana bir pastda,
Suykanib, yarashadi.
O‘ylang, bitta turtishga
Shu qizing o‘ladimi?
Siz: «Ajrash» deb tursangiz,
Uyi uy bo‘ladimi?
O‘ling! — deb, Xolmirzaning
Qorniga bir mushtladi.
— Er-xotin orasiga
Esi ketgan tushadi.