qushlar haqida sherlar toplami
🦜 TO’TIQUSH 🦜
To’tiqush mening nomim,
Turolmayman bir zum jim.
Ko’p so’zlarni bilaman,
Faqat taqlid qilaman.
🦚 TOVUS 🦚
Tovusdir mening otim,
Chiroyli par-qanotim.
Tovlanaman turlicha,
Oliftaman-da picha…
TURNA
Meni derlar Turnaxon,
Ta’rifimdir bir jahon.
Ko’kda solib arg’imchoq,
Uchib ketamiz uzoq.
LAYLAK
Meni deydilar Laylak,
Tumshug’u bo’ynim sumak
In qurib minoraga,
O’ynayman nog’oraga.
QARG’A
Meni deydilar Qarg’a,
Qahraton qishu qorga —
Qaramasdan yayrayman,
Qar, qar qilib sayrayman.
🦅 BURGUT 🦅
Mening nomimdir Burgut,
Ikki ko’zi misli o’t.
Ov qilaman gohi men,
Parrandalar shohiman
TUYAQUSH
Meni derlar Tuyaqush,
Bo’yni xuddi tuya qush.
Yuguraman lo’killab,
Yurmang yana yuk yuklab
🦆 O’RDAK 🦆
Mening nomimdir O’rdak,
Suzaman daryo, ko’lda,
Og’zim tinmaydi g’aq, g’aq,
Qornim yemishga ilhaq.
G’OZ
Meni-chi, G’oz deydilar,
Bo’yni daroz deydilar.
Savlatim bor anchayin,
Qoching cho’qib olmayin!
🦢 OQQUSH 🦢
Oqqush deydilar meni,
Soz qush deydilar meni,
Kelishganman, chiroyli,
Qushmisan, qush kiroyi