Muhammad Yusuf sherlari to’plami hayoti va ijodi
Muhammad Yusuf xalqimiz sevgan shoirlardan edi. U 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga keldi.
O‘rta maktabdan so‘ng Rus tili va adabiyoti institutiga kirib, uni 1978 yili tamomladi. 1978-1980 yillarda respublika Kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillarda “Toshkent oqshomi” gazetasida, 1986-1992 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida ishladi.
Umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasini bajardi.
U o‘nga yaqin she’riy to‘plamlar, ko‘plab qo‘shiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalbiga kirib ulgurdi. Shoirning dastlabki she’rlari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida 1976 yili e’lon qilindi. So‘ngra “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Ko‘nglimda bir yor” (1991), “Bevafo ko‘p ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Yolg‘onchi yor” (1994) kabi she’riy to‘plamlari, saylanmalari nashr etildi.
1989 yilda esa “Uyqudagi qiz” nomli she’riy to‘plami uchun unga respublika Yoshlar tashkilotining mukofoti berildi.
U rostgo‘y shoir, halol va pokiza qalb egasi edi. Shoir muhabbat haqida kuylaydimi, bevafo yor haqida qo‘shiq to‘qiydimi yoki tariximiz sahifalarini qalamga oladimi, ularda hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Satlardagi ravonlik, soddalik va xalqonalik sabab shoir she’rlari tezda yodda qoladi.
1998 yili Muhammad Yusufga “O‘zbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon berildi.
Shoir 2001 yilning 1 avgust kuni 47 yoshida olamdan o‘tdi.
Onamga xat
Men sizni o‘ylayman shomu saharda,
Ona, sog‘insam ham bora olamayman,
Tunlari charog‘on shunday shaharda
Hech kimga ko‘nglimni yora olmayman.
Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O‘z do‘stim uyiga ko‘mildi sevgim,
Kun bo‘lib ko‘ksimni kuydirdi nafrat.
Boshimdan o‘tgani ko‘kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men – zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman…
Mana, men ketyapman tosh yo‘lda ko‘zim,
Qadamim moshinlar yo‘rg‘asiga mos.
Yig‘lasam yupatib o‘zimni o‘zim,
Pishqirib qo‘yaman toychoqlarga xos.
Va sizni o‘ylayman shomu saharda,
Ona, sog‘insam ham bora olmasman.
Tunlari charog‘on shunday shaharda
Hech kimga ko‘nglimni yora olmasman…
Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib,
Baxtimga hamisha Siz sog‘ bo‘ling deb,
Sog‘ingan o‘g‘lingiz – Muhammad Yusuf.
Onamga
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Har baloni ko‘rib yorug‘ dunyoda,
Toshkanni ko‘rmagan bechora onam,
Bolang bo‘lib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga o‘g‘il bo‘ldimmi!..
Garchi bisotingda “bayram” so‘zi yo‘q,
Bilaman, kutasan sandal to‘la cho‘g‘,
Menda yurak deganlarin o‘zi yo‘q:
Men sovg‘a bermagan qiz yo‘q bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yo‘qlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas…
Axir, mening dardim She’r emas faqat,
Men mashhur shoirmas – mashhur beshafqat,
Endi men ham senga o‘g‘ilmanmi, ayt?..
Sha’ningga she’r bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz cho‘kib, qo‘lingni o‘psin.
Undan ham ulug‘im borligin ko‘rsin,
Men uchun ham aziz holingni so‘rsin,
Sensiz g‘arib ko‘nglim ko‘ngilmi, onam,
Endi men ham senga o‘g‘ilmi, onam!..
Onajon
Topmoq – yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq – topmoq,
Sen so‘lib,
Men yashab,
To‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko‘proq yo‘qotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yig‘latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay Ona deb,
Kelishimga boq!..
Sog‘inch haqda she’rlar
Yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda
Dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay,
Attang, ming attang.
Qiz tug‘sang netardi,
Ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim
Bitta qizingcha,
Uyalmay shoirman
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil, jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi
Jigarginang qon?
Boqma ko‘zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo‘qotganim senmi
Endi, Onajon?..
O‘z etimni o‘zim
Yeyishimga boq.
Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qo‘limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig‘aymi,
O‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga
Suykalgim kelar –
Uchib-uchib, mana
Qo‘nishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech, deysan.
Endi kech, deysan-da,
Endi kech, deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
Onajon,
Zor qilib ketma izingga!
O‘lim oldida ham
G‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko‘nishimga boq.
She’rim bitdi,
Xayr,
Do‘stlar, xush qoling.
Bedil yashamakka
O‘rganmang menday.
Boring,
Volidangiz
Ko‘nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O‘rtanmang menday.
Onaizor
Ko‘nglim qolsa bulbuldan ham, guldan ham,
Qolar bo‘lsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yig‘lasa chin dildan ham –
Onam yig‘lar, onam yig‘lar, onam u…
Sig‘may qolsam shunday keng bu jahona,
Osmonlarga ruhim bo‘lsa ravona,
Jonsiz tanim ustida ham parvona –
Onam yig‘lar, onam yig‘lar, onam u…
Tonar bo‘lsa qo‘limdagi tor, dunyo,
Uch kun o‘tmay unutgay do‘st-yor, dunyo.
Yeru ko‘kni titratib zor-zor, dunyo –
Onam yig‘lar, onam yig‘lar, onam u…
Gulday kulib yurmasmidi, o‘g‘lim deb,
Ko‘rib ko‘nglim to‘lmasmidi, o‘g‘lim deb,
Onang o‘lsa bo‘lmasmidi, o‘g‘lim deb –
Onam yig‘lar, onam yig‘lar, onam u…
Ko‘nglim qolsa bulbuldan ham, guldan ham,
Qolar bo‘lsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yig‘lasa chin dildan ham –
Onam yig‘lar, onam yig‘lar, onam u…
Vatanim
Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim,
O‘zim xoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg‘izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim…
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri
Ilig‘imsan, Vatanim.
Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim.
Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon,
Cho‘lig‘imsan, Vatanim.
Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Kurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig‘, deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to‘qson olti
Urug‘imsan, Vatanim…
O‘g‘lim desang osmonlarga
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug‘beging quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi
So‘lig‘imsan, Vatanim…
O‘tgan kuning – o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.
Yoningda qon yig‘lagan bir
Shoiringga qarab qo‘y,
Gar Qo‘qonga yo‘ling tushsa,
Detdomlarni so‘rab qo‘y.
Hech bo‘lmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qo‘y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug‘imsan, Vatanim…
Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!
Jayron
Qon yig‘latdi qaysi bag‘ritosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?
Oyog‘ingga qo‘yib yotay bosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Yurak qoning to‘kilgan so‘qmoq,
Bag‘ri alvon lolaqizg‘aldoq,
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Zor yig‘lading buncha ham hayhot,
Menda ham bor sendagi sayyod…
Ey beozor, ey mo‘min jonzot,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni ko‘rolmaydilar.
Meni ham qon yig‘latdi ular,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tug‘ishgan og‘ang bo‘lay man.
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Biz baxtli bo‘lamiz
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo‘shilib
Yig‘lasharmidik.
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yo‘llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko‘kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig‘lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing –
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O‘zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O‘rtanma g‘amda.
G‘iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug‘ olamda.
Men esa
Oshig‘ing sening –
Eng g‘arib.
Tundan so‘z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista,
Tiz cho‘kaman
Hozir oldingda.
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
Mening dardim
Tuzalmaydi dardim mening,
O‘lsam kerak.
Tuproq bilan og‘a-ini
Bo‘lsam kerak.
O‘lim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
O‘g‘ling qaro yerga ketdi,
Xayr ona…
Tuzalmas bu dardim mening,
Umidim yo‘q.
Xira shamdek ko‘zlarimda
So‘nmoqda cho‘g‘.
Cho‘g‘ nimadir? Cho‘g‘ ham tutab,
Kul bo‘ladi.
Inson bir kun o‘z mayliga
Qul bo‘ladi…
Yuragimni tamom qildim,
Yig‘layverib.
Huzurimda ajal turar,
Qoshin kerib.
Men hayotda o‘limga tik
Boqib o‘sdim…
Qani menga atalgan joy,
Ketdik, do‘stim!
Lolaqizg‘aldoq
Shavkat Rahmon xotirasiga
Mendan nima qolar:
Ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni o‘ylayman
O‘zimdan ko‘proq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Men ketsam, yomondan
Yiroq bo‘l, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Ko‘rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo‘lar-u,
Yomon odam yaxshi
Bo‘lmas hech qachon…
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Uyda yotibman-u,
Sezib turibman,
Ko‘kda ketayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yog‘dirib
Qanotlaridan,
Xasta shoiriga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qo‘l qoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Ularni men yana
Ko‘rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. To‘ylar boshlandi.
Yuragim pora –
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim…
Demak, taqdir ekan
To‘y ko‘rmay o‘lmoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Biroq, ko‘nglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam to‘ladi.
Hali to‘ylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng
Baxtli bo‘ladi!
Kelinlar ko‘ylagi
Ruhimday oppoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas,
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O‘liklar uyg‘oq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Ko‘ksim kuyib borar,
Ko‘krak yonmoqda,
Ayting do‘xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o‘z ulfati –
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Buni hayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so‘lasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O‘zing bo‘lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira – bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G‘am kelsa boshingdan
Hushing uchmasin.
Xudodan so‘radim:
Mendan keyin hech
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo‘lida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko‘ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Jon so‘nggi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo‘lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o‘pib, O‘shni
Quchoqlab o‘lsam!..
O‘tinchim – tepamda,
Yig‘lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg‘aldoq!
Xavotir
Qo‘rqaman, ertaga men o‘lib ketsam,
Yotar bo‘lsam qumga botib ko‘zlarim,
Ko‘nglimni ko‘chkiday bosadi bir g‘am –
Yig‘lashni ham bilmas mening qizlarim…
Eng yaqin do‘stlarim g‘iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku, ne qilsa o‘zlari bilar,
Yig‘lashni ham bilmas mening qizlarim…
Shoir o‘lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhiyaboz hozir suvarakday ko‘p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to‘kilar to‘p-to‘p…
Tildan qolsam ko‘zda qotib yoshlarim,
Ko‘nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig‘lashni ham bilmas mening qizlarim…
Ular yosh. O‘limdan qo‘rqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yig‘lasin debon,
Qizlarim ko‘zyoshin asray olmadim!
Sevgi bu…
Sevmoq bu –
Kechirmoq degani asli,
Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor.
Yalpizlar gullagan shu bahor fasli,
Sodiq hamdam bo‘lgin sen menga, dilbar.
G‘iybatlar tingladim, aylandi boshim,
Ho‘l tuproq kuydirdi tovonlarimni,
Va mana men uyda ko‘nglimni yulqib
Ko‘mdim beor do‘stdek gumonlarimni.
O‘ylar suraverdim kechalar tanho,
Goho, jiqqa yoshga to‘lganda ko‘zim.
Va seni sevmoqdan oldin bir kuni
Dildan sevib qoldim o‘zimni o‘zim…
Sevmoq bu – o‘zingni anglamoq asli,
Toki zamin aro quyosh bor, gul bor.
Rayhonga ko‘milgan shu bahor fasli,
Sadoqatli yor bo‘l sen menga, dilbar.
Sevgilim, men seni sevaman, tamom,
G‘amgin ko‘zing, hadik to‘la ko‘zingni.
Sevmoq bu – kunda bir ko‘rmoq baxtidir
Ozg‘in qo‘llaringni, sepkil yuzingni…
Hazil
Mening haqimdagi g‘iybatlar yolg‘on,
Ixtiyor o‘zimda bo‘lsa qaniydi.
Sharob ichish menga Xayyomdan qolgan,
Ichmasam, ul zotning ko‘ngli ranjiydi.
O‘zim boshladimmi, o‘zim qilgum bas,
Do‘stlarim behuda zavolim izlar,
Agar qirqqa kirmay o‘lsam, may emas,
Meni xarob etgan bevafo qizlar!..
Sodda Muhammadman
Sodda Muhammadman,
Sodda Muhammad.
Turkman qizni maqtab baloga qoldim.
Ko‘ylagiga havas qilgandim faqat,
Toabad tuganmas g‘avg‘oga qoldim…
Nedan ranjidingiz, jon singillarim,
Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar.
Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim,
Ammo yomon botdi siz otgan toshlar.
Yorug‘ dunyoda-ku bari qiz go‘zal,
Millat tanlamas-ku husn degani,
Nigohim Jayhundan sakrab o‘tsa sal,
Qaydan bilay sizga malol kelganin.
Yurtim suluvlari, sizga yo‘q ta’rif,
Qoshingizda o‘sma yursa sirg‘alib,
Uzun sochingizni o‘rsangiz tarab,
Boqsa degan edim oy ham suqlanib.
Asli turkman qiz bir bahona, xolos,
Izlaganim edi sizlar kabilar,
Qo‘msaganim hayo – momomlarga xos,
Sog‘inganim edi Kumushbibilar…
Yonsam, hajringizda mening yonishim,
Kuysam, siz tufayli ko‘nglimdagi cho‘g‘,
Turkman qizlarda yo‘q mening tanishim,
Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo‘q!
***
Sen kimni sevasan,
Ul ofati qiznimi yo
Beshikdagi o‘g‘lingni?..
Ko‘zlaringni uzolmaysan beshikdan,
Undan esa ko‘nglingni…
Salom!
Kimdir kirib kelar eshikdan,
Yo‘rgab qo‘yar beshikdagi o‘g‘lingni.
Yo‘rgab qo‘yar eshikdagi ko‘nglingni,
Tergab qo‘yar eshikdagi ko‘nglingni.
Sen kimni sevasan?
***
Hakamlarga to‘kib solib bor sirimizni,
Ajralishdik, biz tushunib bir-birimizni…
Meni esa qiynar edi bo‘lak g‘am,
Sanog‘i yo‘q tomoshabin ichra men,
Yaxshi-yomon, xolis-xudbin ichra men
Ko‘rib qolgan edim o‘z o‘g‘limni ham.
Yonib turar toychog‘imning ko‘zlari,
U bilar haq kimdiru nohaq kim,
Kimniki rost, kimning yolg‘on so‘zlari,
Omon bo‘lsa sudya bo‘ladi o‘g‘lim!
Omon bo‘lsa odil hakam bo‘laru
O‘zi bir kun sud hukmini to‘ldirar.
Zal burchida esa bundan bexabar
Oq soch onam o‘ltirar,
Oqlovchiga mo‘ltirar…
Manzara
Bedapoya to‘ridagi juftin qidirib,
Sayray-sayray jimib qoldi bedana dilgir.
Suvsumbulni va’dasiga ko‘mib, ko‘ndirib,
O‘ynatgani olib ketdi ipmoq qaygadir.
Qir tomondan poda qaytib kelarkan qator
Kumush sohil bo‘ylariga changlar yastanib,
Qishloqning eng chekkasidan bahaybat chinor
Ufq tarafga qarab qo‘ydi xavotirlanib.
Quyosh osmon etagiga osilib, mana,
Bir xo‘rsinib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldiyu keyin –
Qo‘shni qizning havasini keltirib yana
Tolko‘chaga suv sepishni boshladi kelin…
Qushlar ham yig‘lar
Terlar oqdi suv bo‘lib bizdan
Va gursillab yiqildi terak…
Aka, bizning qilmishimizdan
Tunda qushlar yig‘lasa kerak.
Ona chumchuq aylanib ketmas,
Ko‘ngliga qil sig‘masa kerak.
Eski indan tashib borib xas,
Yangi inda yig‘lasa kerak.
Baland bo‘lar uyimiz tog‘dek,
Ayvonida ustun ul terak.
Biz yasharmiz, ko‘nglimiz chog‘dek,
Shunda qushlar yig‘lasa kerak…
Ruh to‘tisi
Bosh bir kun tosh yostiqqa yetar,
Ruh to‘tisi tanni tark etar.
Deydilar, yosh tanlamas ajal,
Xudo bilar, kim oldin ketar…
Oftob yelib tolsa ko‘k uzra,
Unga osmon sandig‘i hujra.
Haqdan hukm, bandadan ijro,
Xudo bilar, kim oldin ketar?!
Pok dilingni kemirdi hasad,
Qadamingda topding aziyat.
Do‘stim, menga qilma vasiyat,
Xudo bilar, kim oldin ketar.
Aso tutmish qancha qaddi dol,
Men bir kuchga to‘lgan navnihol,
Otam meni ko‘mar ehtimol…
Xudo bilar, kim oldin ketar.
Ko‘zim ko‘kda, sizda xayolim,
Jujuqlarim – mening kamolim!..
G‘animatmiz, jufti halolim,
Xudo bilar, kim oldin ketar!..
***
Tanish terak. Ariq yoqasi.
Bo‘tana suv, shirin loyqa suv.
Tol ko‘chada otlar taqasi,
Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga…
Yalpiz hidi tutgan dalalar,
Gapga chechan boqchaxolalar,
Belanchakda yotgan bolalar,
Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga.
Tog‘ ortidan mo‘ralagan kun,
Shiyponlardan o‘rlagan tutun,
Tut shoxiga osilgan tugun…
Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga.
O‘qariqdan yolg‘izoyoq yo‘l,
Menga ilhaq, menga mushtoq yo‘l,
O, qadrdon bir juft qadoqqo‘l,
Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga.
Yog‘och eshik ochilar sekin,
Toshmehrman men juda, lekin
Hozir yig‘lavorishim mumkin –
Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga…
Ko‘klamoyim
Ozod Sharafuddinovga
Sochimda oq, men bahordan o‘tindim:
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Qor qo‘ynida seni qo‘msab o‘kindim,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ko‘nglimga ko‘k binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,
Boychechakka borar yo‘llar ochilsin –
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Fasl boshi, ham oxiri o‘zingsan,
Majnunlarning yo‘ldoshi ham o‘zingsan.
Laylilarning sirdoshi ham o‘zingsan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Kel-da endi sog‘intirmay odamni,
Sen yo‘g‘ingda bir g‘am bosdi yelkamni,
Qorlar kurab ko‘mib keldim otamni…
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ko‘king bilan kiyintiray dalamni,
Oyoqyalang suyuntiray bolamni,
O‘zing olgin ko‘ksimdagi alamni,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Ginam yo‘qdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik biz qishdan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Jon ustida asrab yuray ko‘kni men,
To‘yib-to‘yib ko‘zga suray ko‘kni men.
Yana senga yetamanmi-yo‘qmi men,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Dil yayrasin dala-dashting yasanib,
Yalpizlaring suv bo‘yiga yastanib.
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim!..
Fotima
Mehribon singlimga bag‘ishlayman.
Bir bayotim bor edi,
Bir bayotim yo‘q edi.
Bir qanotim bor edi,
Bir qanotim yo‘q edi.
Bo‘lding bir qanotim-a,
Fotimajon, Fotima.
Bir qo‘limda gul edi,
Bir qo‘limda pul edi.
Biroq eng katta davlat
Men uchun ko‘ngil edi.
Unga singil topdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Shoir-ku ko‘p dunyoda,
Biri biridan mayda.
O, ularning dimog‘i,
Ular qayda, men qayda.
Sarson yomon chopdim-a,
Fotimajon, Fotima.
G‘urra-g‘urra so‘z yig‘dim
Boshim yerga tega ko‘p.
Sal mashhurman shekilli,
Bugun menga ega ko‘p.
Goho she’rni sotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Birovlarning nazdida
Shoir narxi arzondek.
Qo‘yib bersang, ustingdan
Pul sochadi xazondek.
Jonni ko‘p qonatdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Ular qayda edilar
Men boshlagan kezimda.
Bolamga non topolmay
Yig‘laganim esimda…
U axir, zuryotim-a,
Fotimajon, Fotima.
Bitta to‘nni yechmasdan
O‘tdi O‘tan bobolar.
Bu dunyoga qo‘l silkib
Ketdi O‘tan bobolar.
Eh, kimni yo‘qotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
To‘n almashsam, tanamni
Kuydiraman, derdi u.
Yangi to‘nni bolamga
Kiydiraman, derdi u.
Aylanay, ajdodim-a,
Fotimajon, Fotima.
Biz bobomiz hikmatin
Goh uqmay, goh uqqanmiz.
Aslida biz bir to‘nning
Etagidan chiqqanmiz.
Ne xayolga botdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Qani endi unday zot,
To‘rt tomonga chop-chi bir.
Qush hurkimay qo‘lidan
Don yeganin top-chi bir…
Dardlaring qo‘zg‘otdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Biz gadoga non bermay,
Qizlarga pul sarflaymiz.
Oqibatsiz – o‘zimiz,
Zamonani ayblaymiz.
Yuragi tosh qotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Shoirligim goh da’vo,
Goh ko‘rinar mardlikday.
Goh o‘zimcha burgutman,
Goh ojizman kaklikday.
Ichimda faryodim-a,
Fotimajon, Fotima.
Ketdik, deydi har oqshom
Bolaligim mo‘ralab.
Laylakqorlar yoqqandir
Ulug‘toqqa bo‘ralab.
Unga qanday yetdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Qo‘ynim to‘la gul, ammo
Yulg‘unlarni sog‘indim.
Gulyuzlar ko‘p, men yuzi
So‘lg‘inlarni sog‘indim.
Tog‘da yurgan egasiz
Qulunlarni sog‘indim.
Sigir sog‘ar saharlab
Kelinlarni sog‘indim.
Nima qilay, o‘shalar
Tushaverar yodima.
O‘zim o‘tgan ko‘chalar
Tushaverar yodima.
Axir senga aytmasam,
Kimga aytay dodim-a,
Fotimajon, Fotima,
Fotimajon, Fotima.
Inshoolloh
O‘zbekiston, bo‘yu basting ko‘rsat endi,
Pahlavonim, yetdi senga navbat endi,
Olam uzra hilpirasin abad endi
Sohibqiron Temur tug‘i – yashil bayroq,
Inshoolloh!
Erk degani o‘zi kelib eshik qoqmas,
Jon chekmasang, osmonlardan omad yog‘mas,
Qatoringda botirlaring bo‘lsin og‘mas,
Gurkiragan Alpomishlar o‘tgan tuproq,
Inshoolloh!
Oltin beshik avlodining maskanisan,
Alisherlar, Ulug‘beklar maskanisan,
Yashnagani – o‘z asliga qaytganisan,
Turon yurtda yonsin qayta so‘ngan chiroq,
Inshoolloh!
Alla aytsin ayvoningda uxlar quyosh,
Senga doim imon yo‘ldosh, islom yo‘ldosh,
Bor bo‘lsin shu qirq o‘rim soch, o‘smali qosh,
Oq yaktagu beqasam to‘n, shohi belbog‘,
Inshoolloh!
Totuv yurtda yantoq o‘zin tog‘ aylagay,
Bir-birini qo‘llagan el kam bo‘lmagay,
Bolalari Turkistonni bog‘ aylagay,
Abad yashnar, xazon bilmas endi bu bog‘,
Inshoolloh!
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim
Qushday uchib quchog‘ingdan dunyo kezdim,
Kezib-kezib topganlarim sog‘inch bo‘ldi.
Qancha olis ketsam shuncha qadring sezdim,
Qayda yursam yodi mehring ovunch bo‘ldi.
Aylanayin qaro qoshu ko‘zingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.
Birov uchun birovlar tush ko‘rib bermas,
Minnat qilmay bir bog‘ o‘tin o‘rib bermas.
Bayramingda oylab bazm qilgan kaslar
Boshingga ish tushsa turib bermas.
Nomus kuyi tushmasin hech bo‘g‘zingdan-a,
O‘zingdan ko‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.
Erk vodiysi – zahmatlarga siylovdir bu,
Toy qoqilib ot bo‘lguvchi yaylovdir bu,
Ranj chekmasang nurli, nurli tonglar qayda
Sinovdir bu, balki buyuk sinovdir bu.
Bosh ketsa ham qaytma endi so‘zingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.
Boldan shirin tatir qora bug‘doying ham,
O‘zingdan bo‘lsa gar shohu gadoying ham.
Bir tanu jon, bir-biringdan rozi yursang,
Xudoyim ham sendan rozi, Xudoyim ham.
Gohi ipak, gohi yaktak, bo‘zingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.
Er boshiga ish tushsa o‘t kechguvchidir,
Chidaymiz-da, bu zahmatlar o‘tkinchidir.
Hurliging haq – qolgan bari o‘taversin,
Bu dunyoda eng yorug‘ baxt – el tinchidir.
Ayirmasin beminnat non, tuzingdan-a,
O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.