Bolalar uchun eng sara she’rlar to’plami
Inson beshigi
Bulbul beshigi — bog’da,
Burgut beshigi — tog’da.
Inson beshigi esa,
Shu muqaddas tuproqda.
Bulbul bog’ni o’ylaydi,
Bulbul bog’dan so’ylaydi.
Latif ovozi ila,
Ishq rozini kuylaydi.
Burgutga tog’ maskandir,
Burgut tog’da o’sgandir.
Bag’ri tosh kabi qattiq,
Zabti ko’kni to’skandir.
Inson ham bog’ni kuylar,
Inson ham tog’ni kuylar.
Bir gul kabi ardoqlab,
Ona tuproqni kuylar...
O’zbekistonim
Aziz o’lkam, o’zing ko’rkam,
Chinorlaring bizdek o’ktam.
Tosh ham gullar tuproqingda,
Mehring qaynar bulog’ingda.
Qo’li ochiq bog’laring ko’p,
G’aznaga kon tog’laring ko’p.
Yashnamoqda qishloq, shahring,
Yaxshilikka to’liq bag’ring.
Osmoningdan, o’tlog’ingdan,
Paxtaoydek oppog’ingdan.
Rang olgandir bayrog’ing ham,
Aziz o’lkam, o’zing ko’rkam!
O’lka
Bog’laringni sayr etganimda,
Sen bor eding qalbda, Vatanim.
Bog’ husniga she’r bitganimda,
Uni dastlab senga atadim.
Minglab tilda madhingni so’zlar,
Bunda o’sgan har bitta daraxt.
Nur emadi millionlab ko’zlar,
Ko’kdan sening husningga qarab.
Jilmayadi o’zida yo’q shod,
Yangi oy ham ketmay qoshingdan.
Etak-etak olib koinot,
Yulduzlarin sochar boshingdan...
Vatanimizni asraymiz
Tabarruk ona tuproq
Bag’ishlaydi kuch bizga.
Shu vatanni asramoq —
Eng muqaddas burch bizga.
Ulg’ayib eng oldingi
Saflardan joy olamiz.
Mardona qasamyodga
Mangu sodiq qolamiz.
Oltin shu’la
Vatanim osmonidan
Quyosh kulib boqadi.
Uning oltin shu’lasi
Bog’larga gul taqadi.
Men ham nihol qadadim,
Parvarishlab qaradim.
Gulbog’imni bezashga
Bu — birinchi qadamim.
Obod mahallam
Otam, onam, men, ukam —
Oilamiz jamuljam.
Ko’p uylardan iborat,
Mening obod mahallam.
Oilada qadriyat:
Ezgu ish, yaxshi niyat.
Bizdek oilalardan
Tashkil topar jamiyat.
Shunday o’lkam bor
O’lkamning dalalari
Quchog’iga tortadi,
Bag’rini kezgan sari
Unga mehrim ortadi.
Vatanimning bog’lari,
Oyna-bulog’i go’zal.
“Oq oltin”dan tog’lari,
Uning har yog’i go’zal.
Davlatimiz ramzlari
Bobom uqtirar takror
Istiqlol bu — baxt, deya.
Ozod Vatan ramzi bor:
Bayroq, gerb va madhiya.
Bugun dadam berar dars
Asramog’ing shart, deya.
Ramzlar ham muqaddas:
Bayroq, gerb va madhiya.
Ona yurtim
Ona yurtim go’zal bir chaman,
Shu chamanda men bir g’unchaman.
Gullariga oshiq bulbullar,
Men sayroqi sho’x bulbulchaman.
Shu vatanga munosib bo’lib,
O’qiyapman, o’syapman men ham!
Biz yaratgan mo’jizalarga,
Hali ko’plar qolishgay hayron.
Yuksalaver, bundan-da ulkan
O’zbekiston jonim — onajon!
Oyim kulsa
Tog’ bag’ridan ochilmagan
Boychechak topdim.
Sovg’a qilay deya uni
Oyimga chopdim.
Oyim meni quchoqladi,
Kuldi, ochildi.
Oyim kulsa, boychechak ham
Birdan ochildi.
Shudring
Bog’imizga bir qarang,
Gul ochilgan rang-barang.
Tongda shudring tushibdi,
Gulga chiroy qo’shibdi.
Bog’dan nari poliz bor,
Unda qovun-tarvuz bor.
Tarvuzlar katta-katta,
Yozda keling, albatta.
Poytaxtimsan, Toshkentim!
Poytaxtimsan, Toshkentim,
Bosh shahrimsan, bosh kentim!
Ikki mingdan oshsa ham
Navqiron va yosh kentim!
Tarixlarda Shosh kentim,
Saxiy, serquyosh kentim.
Tengi yo’q, timsoli yo’q,
Toshkentimsan, Toshkentim!
Bola va shamol
Bola aytar shamolga:
“Kemangga ol meni ham.
Dunyo kezar xayolga,
Qanot bo’l olmos, o’ktam!”
Bolaga deydi shamol:
“Xayol tubsiz, ko’p cheksiz,
Kemaga chiq betimsol,
Orzu o’lkasini chiz”.
Sog’lom tishlar
Zarur barcha a’zolar
Sog’-salomat yashashga.
Kirishamiz do’stlarim,
Sizga maslahatim bor.
Kurak tishlar bor bo’lsa,
Nonni tishlab olasiz.
Agar ular bo’lmasa,
Qiynalib qolasiz.
Har kuni yuvib turing,
Tish pastasin suring.
Sog’lom bo’lish siri bu,
Shuni doim yod biling.
Kapalak
Hoy kapalak, kapalak,
Qanotlaring ipakdek.
Muncha shoshib uchasan,
To’xta, so’zlayin andak.
Uchrataman har kuni
Seni go’zal bog’chamda.
So’rib gullar sharbatin
O’ltirasan olchamda.
Yangi yil
Yangi orzu, yangi shon,
Tilaklari bir jahon.
Dunyo bo’lsin deb omon,
Kulib kelgan yangi yil!
Salom senga, assalom,
Tilak to’ridan bir olam.
Qalb to’ridan quvonch-baxt,
Ulashadi yangi yil!
So’nggi qo’ng’iroq
Mana chalinmoqda so’nggi qo’ng’iroq,
Yakun yasab bugun o’quv yiliga.
Saf tortgan yoshlarda hayajon-titroq,
Olam orzulari jodir ko’ngliga.
Qo’ng’iroq chalinar jarangdor ovoz,
Sirtdan qaraganda odat, an’ana.
Go’yo bu yil ham takrorlanar boz,
Yigirma beshinchi maydagi sana.